Qashqadaryo viloyati delegatsiyasining Germaniyaga amaliy tashrifi doirasida muhim hamkorlik loyihalari muhokama qilindi
2026-01-22 15:31
Ma’lum bo‘lishicha, viloyat hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi Qashqadaryo viloyati delegatsiyasining Germaniyaga amaliy tashrifi doirasida tibbiyot, ta’lim va innovatsiyalar sohasida qator muhim uchrashuvlar tashkil etildi.
Delegatsiya Heidelberg–Mannheim universitet klinikalari tarmog‘i bosh direktori, professor Hanns-Peter Knaebel bilan uchrashib, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Shu bilan birga, tashrif doirasida hududning yirik sanoat korxonalari vakillari ham ishtirok etdi. Xususan, Khilal Group rahbariyati delegatsiya tarkibida qatnashib, paxtachilik va to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish, zamonaviy tekstil texnologiyalarini joriy etish hamda eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Jumladan: — paxta xomashyosini chuqur qayta ishlash va qo‘shimcha qiymat yaratish; — ip va tayyor tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini kengaytirish; — Yevropa bozorlariga eksport geografiyasini kengaytirish; — yangi ish o‘rinlari yaratish orqali aholi bandligini ta’minlash; — hudud sanoat infratuzilmasini zamonaviylashtirish.
Bu tashrif Qashqadaryo viloyati va Germaniya o‘rtasida investitsiya, sanoat va texnologiya sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.